Yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida o‘qishi uchun ta’lim krediti ajratiladi. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.
Unga ko‘ra, mazkur tizim joriy yilning 1-oktabridan yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’lim kreditlari Markaziy bankning asosiy stavkasi (15%) asosida BHMning 65 baravarigacha 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar farzandlari uchun ta’lim krediti olishda garov va kafillik talab etilmaydi.
Shuningdek, qaror bilan IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning o‘quv kurslarida tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga 7,5 mln so‘mgacha iste’mol kreditlari ajratilishi belgilandi.
Bu tizim 2022-yilning 1-noyabridan joriy etilib, mablag‘lar kompyuter xarid qilish uchun “Xalq banki”, “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” tomonidan ajratiladi.
Bunda BHMning 25 baravarigacha ya’ni 7,5 mln so‘mgacha bo‘lgan iste’mol kreditlarini olish mumkinligi nazarda tutilgan.
Iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Avvalroq “Spot” banklardagi ta’lim kreditlari haqida xabar bergandi. Foiz stavkalari, shartlar va hujjatlarni rasmiylashtirish haqida batafsil bu yerda.