Italiyada O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining vakolatxonasi ochiladi, xabar bermoqda “Dunyo”.
Unga ko‘ra, vakolatxona Italiyadagi “Imagro Group” kompaniyasining Milan shahridagi ofisi qoshida ochilishi ta’kidlanmoqda.
O‘z navbatida “Imagro Group” O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi bilan hamkorlik o‘rnatib, mamlakat savdo maydonchasini ochish va uzoq muddatli sheriklikni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, kompaniya nafaqat Italiya, balki Ruminiya, Gretsiya, Fransiya va boshqa qo‘shni davlatlar kompaniyalari bilan ham savdo-sotiq munosabatlarini kengaytirishda ko‘maklashish imkoniyatiga egaligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston tomon ham Italiya kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Kompaniya haqida
“Imagro group” 1997-yilda tashkil etilgan.
Kompaniya maishiy texnika, elektromexanika, qurilish, xomashyo, avtomobilsozlik kabi sohalarda global korporatsiyalar bilan hamkorlik qiladi.
Bugungi kunda 9 ta davlatda (Italiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Meksika, Misr, Eron, Yaponiya, Xitoy va Avstraliya) ofislari mavjud. Ular orqali 30 dan ortiq mamlakatlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Kompaniya missiyasi mijozlari uchun global manba va ta’minot zanjiri boshqaruvida ishonchli va raqobatbardosh hamkorlik o‘rnatishdan iborat.