Qozog‘istondan xorijga pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishda davom etmoqda, deb xabar beradi “inbusiness.kz” “ranking.kz” ma’lumotlariga tayanib.
Jumladan, 2022-yilning birinchi yarmida Qozog‘istondan chet elga xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali 495,8 mlrd tenge jo‘natildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,7 foizga ko‘pdir.
Birgina iyun oyida xorijga rekord miqdorda 104,4 mlrd tenge jo‘natilgan.
Xususan, dastlabki olti oyda Qozog‘istondan pul o‘tkazmalari tizimlari orqali xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmining yarmi O‘zbekiston (130 mlrd tenge) va Turkiyaga (118,5 mlrd tenge) jo‘natilgan.
O‘tkazilgan transferlarning sezilarli hajmi Rossiya (86,2 mlrd tenge), Qirg‘iziston (55,2 mlrd tenge) va Gruziya (39,9 mlrd tenge)ga ham to‘g‘ri keldi.
Avvalroq “Spot” transchegaraviy pul oʻtkazmalari $6,5 mlrdni tashkil etgani haqida yozgandi.
Bu koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga yuqori boʻldi.