Davlat statistika qo‘mitasi avtomobil va temir yo‘l transportlarida O‘zbekiston hududi bo‘yicha tashilgan tranzit yuklari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-iyun oylarida mamlakat bo‘yicha tashilgan tranzit yuklarning hajmi 3 mln 476 ming tonnani tashkil etdi.
Taqqoslash uchun, joriy yilning dastlabki uch oyida bu ko‘rsatkich 1 mln 741 ming tonnani tashkil etdi.
Shundan 3 mln 367 ming tonna yuk temir yo‘l transporti orqali tashilgan bo‘lsa, avtomobil transporti orqali tashilgan yuk hajmi 108 ming tonnani tashkil etdi.
Temir yo‘l transporti orqali tashilgan yuk jami hajmiga nisbatan 97%ni egalladi.
Joriy yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston hududidan o‘tgan vagonlar soni 58 518 birlikdan, avtomobil transportlari soni esa 6 647 birlikdan iborat bo‘ldi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yuk tashish jarayonlari soddalashtirilishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarga viza berish tartibi soddalashtirilib, transport xarajatlariga chegirmalar berilishi mumkin.