Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining tashqi savdo maydonchasi ochildi, xabar beradi “Dunyo”.

Tashqi savdo maydonchasi qirg‘izistonlik sheriklar bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Uni yo‘lga qo‘yish orqali respublika tovar-xomashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ko‘zlanmoqda.

Allaqachon Bishkekdagi birja savdo maydonchasida dastlabki savdo operatsiyalari boshlab yuborildi.

Bir necha kun oldin Italiyada tovar-xomashyo birjasining vakolatxonasi ochilishi haqida xabar berilgandi.

Buning uchun Italiyaning “Imagro Group” kompaniyasi uzoq muddatli sheriklikni amalga oshirishga tayyor.

Kompaniya nafaqat Italiya, balki Ruminiya, Gretsiya, Fransiya va boshqa qo‘shni davlatlar kompaniyalari bilan ham savdo-sotiq munosabatlarini kengaytirishda ko‘maklashish imkoniyatiga egaligini ma’lum qildi.


Avvalroq “Spot” o‘tgan haftada un va paxta yog‘ining birjadagi narxi pasaygani haqida xabar bergandi.