Avvalroq, Innovatsion rivojlanish vazirligi milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgandi.

Unga ko‘ra, xalqaro darajadagi innovatsion ijtimoiy tarmoq yaratish maqsad qilinmoqda.

Tanlovga startap loyihalar innovatsionliligi, texnik jihatdan mukammalligi, jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, marketing rejasi kabi mezonlar asosida qabul qilinadi.

Mazkur tanlov e’lon qilingach, vazirlik messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratish nega kerakligi haqida izoh berdi.

Loyiha milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan zarurligi va bunga ilg‘or texnologiyalar hamda tajribalardan kelib chiqib qaror qilingani ta’kidlandi.

Tanlov e’lonidan keyin ijtimoiy tarmoqlar, xususan, OAVda unga nisbatan tanqidiy fikrlar “yog‘ildi”.

O‘z navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi tanlov va uning atrofida urchiyotgan gaplar yuzasidan bayonotini e’lon qildi.

Xususan, vazirlik xabarlarning “Bu — pulni havoga sovurish” matni yozilgan poster bilan tarqatilgani o‘quvchi ongiga ma’lum voqealikni salbiy holat sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi axborot taqdim etish usulidan foydalanilgan, degan fikrni bildirmoqda.

Vazirlik milliy messenjer davlat tashkiloti tomonidan yaratilmasligini, unga tender ham e’lon qilinmaganini ta’kidladi.

“Milliy messenjerni yaratish bo‘yicha takliflarni yig‘ish, tahlil qilish, o‘rganish va grant mablag‘i ajratish, bu — pul sovurish degani emas! Buning uchun avval pul ajratilgan bo‘lishi kerak emasmi?”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Milliy messenjer tanlovining maqsadi ilmiy algoritmlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, uni yaratish va ommalashtirishga xarajatlar budjet hisobidan amalga oshirilmasligi aytilmoqda.

Shuningdek, davlat yangi platforma paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Mazkur tanlov Axborot texnologiyalari sohasidagi olimlarning ilmiy loyihalariga grant mablag‘larini berishga qaratilgan.