2022-yil 15-avgustdagi “Toshkent” fond birjasi Kuzatuv kengashining yig‘ilishida Georgiy Paresishvilini birja boshqaruv raisi sifatida jalb qilishga qaror qabul qilindi.
Georgiy Paresishvili 2014-yildan hozirgi kungacha Gruziya fond birjasining rahbari, shu bilan birga Gruziya Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi Kuzatuv kengashining raisi bo‘lgan. U bank sohasi va kapital bozorda 27 yillik tajribaga ega.
Xorijiy top-menejerning asosiy vazifalari mahalliy fond bozorini xalqaro kapital bozori infratuzilmasiga integratsiyalash, shuningdek, mahalliy aksiyadorlik jamiyatlarining IPO va SPOlarini o‘tkazishda yordam berishdir.
Shuningdek, u ish samaradorligini oshirish, xalqaro ilg‘or tajribalar asosida listing va savdo qoidalarni takomillashtirishga doir tavsiyalar berish, listing kompaniyalari sonini ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi.
Umuman olganda, Paresishvili bozor infratuzilmasi, IT kompleksi faoliyati samradorligini oshirish maqsadida bozorning tegishli ishtirokchilari bilan yaqin xamkorlik qiladi.
Georgiy Paresishvili haqida
U 1995-yilda Tbilisi davlat universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Tbilisidagi “Absolyut Bank"da boshlagan.
Michigan universiteti Stiven M. Ross biznes maktabida tahsil olgan. 2000−2005-yillarda Georgiy London va Nyu-Yorkda Shveytsariyaning moliyaviy konglomerati “Credit Suisse” investitsiya bankining bo‘limi bo‘lgan “Credit Suisse First Boston"da ishlagan.
2005-yildan beri “Terabank”, “Liberty Bank”, “Bank of Georgia' va boshqa yetakchi banklarida boshqaruv lavozimlarda ishlagan.