Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamda Shveysariya nomidan mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis mazkur bitimni imzoladi.

Bitim qariyb $131 mln.ga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni va uning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Unga muvofiq, aktivlarni qaytarish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.

Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

Xabarda keltirilishicha, bunday tizim korrupsiya va boshqa xavflarni minimallashtiradi, shuningdek mablag‘larni sarflashda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi.