Mart oyida prezident magistratura talabasi boʻlgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq davlat tomonidan toʻlab berilishini ma’lum qildi.

O‘shanda bu tizim yangi oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻyilishi ta’kidlangandi.

Hukumat qarori bilan, 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab davlat OTMning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi.

To‘lov-kontraktining to‘liq summasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi nazarda tutilmoqda.

Nizomga ko‘ra, quyidagi oliygohlarning magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi:

  • davlat oliy ta’lim muassasalari;
  • Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi;
  • Bosh prokuratura akademiyasi;
  • Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
  • Bank-moliya akademiyasi.

Buning uchun talaba xotin-qizlar (talabgorlar) to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi.

Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlari bundan mustasnoligi ta’kidlanadi.

Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi. Yuqoridagi muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar esa ko‘rib chiqilmaydi.

2022-yilda umumlashtirilgan talabgorlar ro‘yxati 5 ish kunida to‘lov-kontraktlarni qoplab berish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuborilsa, 2023-yildan OTMning idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralarga jo‘natiladi.

Talabgorlarga to‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15-oktabriga qadar tegishli OTM rektori (filial direktori) buyrug‘i qabul qilinadi.


Avvalroq “Spot” joriy yildan AKT sohasidagi o‘quv kurslariga kredit ajratilishi haqida xabar bergandi. U 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga beriladi.