Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan bir nechta bitim imzoladi. Bu haqda “Reuters” nashri Saudiya Arabistoni davlat televideniyesiga tayanib xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, tomonlar umumiy qiymati 45 mlrd riyol ($11,9 mlrd) bo‘lgan 10 ta investitsiya shartnomasini imzolagan.
Davlat televideniyesi bitimlarning mohiyati haqida qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
“Arab news” nashriga ko‘ra, ular orasida Saudiyaning “ACWA Power kompaniyasi” bilan O‘zbekistonda 1500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha 25 yillik miqdori $2,4 mlrd.ga teng shartnoma ham bor.
Loyiha 2031-yilgacha mamlakatga elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 40%ini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarish maqsadiga erishishga yordam berishni ko‘zda tutadi.
Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistoni sentabr oyida Osiyo xaridorlari uchun neft narxini oshirishi haqida xabar bergandi.
Osiyoga yetkazib beriladigan asosiy “Arab Light” navining bir barreli uchun narx $0,5 oshib, natijada Ummon va Dubaydan olinadigan neftdan bir barrel uchun $9,8 ga qimmatroq bo‘ladi.