Prezidentining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida joriy yilning 17−18-avgust kunlari “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Unda innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova “Biznesni boshlashda yangi startap va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Turdiqulova so‘zlariga ko‘ra, bugungi kungacha vazirlik tomonidan 12 ta turli startap tanlovlari o‘tkazilib, jami 105 ta startap 100 mlrd so‘mga moliyalashtirildi.

Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligida bir nechta moliyalashtirish yo‘nalishlari mavjud.

Jumladan, 40 yoshgacha bo‘lgan yosh startaplar uchun Yoshlar akademiyasi orqali alohida moliyalashtirish liniyasi bor.

Kichik g‘oyalarga 100 mln so‘mgacha, qamrovi keng bo‘lgan loyihalar uchun 700 mln so‘mgacha mablag‘lar tanlov asosida ajratiladi.

Shuningdek, yosh bo‘yicha cheklovlarsiz startaplar ham mavjud bo‘lib, ular 1,5 mlrd so‘mgacha moliyalashtirilishi mumkin.

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari shuningdek ilmiy loyihalar bo‘yicha “CAT Science Accelerator” va “INNO” texnoparki imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.

“Akseleratsiya dasturidan o‘tgan loyihalar rivojlanishda barqarorroq ekanini hisobga olgan holda joriy yildan barcha startaplarni akseleratsiya dasturlaridan o‘tkazishni maqsad qildik”, — dedi Turdiqulova.


Avvalroq “Spot” “Exadel Uzbekistan” rahbari Yuliya Yakovleva prezident Shavkat Mirziyoyevga startap-maydonlar yaratishni taklif qilgani haqida xabar bergandi.

Yakovleva soʻzlariga koʻra, bunday maydonlar Oʻzbekistonni nafaqat autsorser, balki oʻz mahsulotini yaratadigan mamlakat sifatida rivojlanishiga imkon beradi.