Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida ikki mamlakat ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati $14 mlrd.dan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat imzolandi.
Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami $2,6 mlrd.lik yirik energetika loyihalari boshlangan. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklik qilib kelinmoqda.
Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi haqida xabar bergandi.
Unga ko‘ra, 2023-yildan mazkur mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘lib, bu tartib 30 kunga amal qiladi.
Bunda ulardan faqatgina Saudiya Arabistoniga qaytib uchib ketish chiptalarini ko‘rsatishlari talab qilinadi.