O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Latviya transport vaziri Talis Linkayts transport va logistika sohasida bir qator ishlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi, xabar beradi Transport vaziriligi matbuot xizmati.

Jumladan, Riga porti xizmatlaridan foydalanishda o‘zaro kelishgan holda chegirmalar taqdim etish masalasi ko‘rildi.

Yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimini yo‘lga qo‘yish va tashuv hujjatlarini elektron E-CMR shaklga o‘tkazish rejalashtirildi.

Shuningdek, Toshkent-Riga yo‘nalishidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, O‘zbekiston aeroportlari orqali pochta yuk tashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Talis Linkayts mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini ma’lum qildi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Turkmaniston va Eron bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishgani haqida yozgandi.

“O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” xalqaro transport va tranzit yo‘lagi tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Bundan tashqari, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlar qisqartirilib, mamlakat haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibi soddalashtiriladi.

Shuningdek, Eron bilan avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari uchun o‘rnatilgan yig‘im va to‘lovlar miqdori qisqartiriladi hamda “Chobahor” portidan O‘zbekistonga pilot yuk avtomobil tashuvlarni tashkil etiladi.