AOKAda o‘tkazilgan brifingda “IT Park” 1-yarim yillik sarhisobi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Hozirda “IT Park” rezidentlari 747 ta IT-kompaniyani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 155%ga o‘sdi.

O‘tgan 6 oyda 134 ta IT kompaniya tashkil etilgan bo‘lib, shundan 94 tasi shu sohada ta’lim xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Qolgan rezidentlar esa dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, ma’lumotlarni qayta ishlash va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish hamda IT xizmatlarini eksport qilish bo‘yicha faoliyat yuritadi.

Rezident kompaniyalarda 12 500 nafar xodim ish bilan ta’minlandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qo‘shimcha ish o‘rinlari sonini 167%ga oshirdi.

Rezident maqomini olish

Birinchi yarim yillikda “IT Park” rezidenti maqomi 249 ta kompaniyaga taqdim etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 300% o‘sish suratini ko‘rsatmoqda.

Biroq rezidentlar bir qator kelishuvlarga amal qilishi lozim. Aks holda, rezidentlik maqomi bekor qilinib, taqdim etilgan soliq va boshqa imtiyozlar undirilib olinadi.

Misol uchun, 74 ta kompaniya rezident maqomidan mahrum qilindi, 110 ta kompaniyaga esa rezident maqomi berilishida rad etildi.


Avvalroq “Spot” IT Park rezidentlarining eksport hajmi $53 mln.dan oshgani haqida yozgandi. Uning asosiy qismi (88%) AQSh hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.