Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi davomida ikki davlat olimlari hamkorligida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek, olimlarni stajirovkalarga yuborish va o‘zaro tajriba almashish masalalari ham ko‘rib chiqildi, xabar berdi O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Saudiya Arabistonining Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga erishdi.

Unga ko‘ra, universitet bilan hamkorlikda mamlakatda yangi markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Universitet delegatsiyasi Toshkentda oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan “InnoWeek-2022” innovatsion g‘oyalar haftaligiga tashrif buyurganida ushbu masala batafsil muhokama etiladi.

Universitet haqida

Qirol Abdulaziz universiteti 1967-yilda Jidda shahrida “Red Sea” developerlik kompaniyasi tomonidan xususiy universitet sifatida tashkil etilgan.

Keyinchalik, 1974-yilda u davlat universitetiga aylantirildi. 2021-yilda “Times Higher Education” dunyo universtitetlari reytingida arab universitetlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Universitet dunyoviy ta’limga yo‘naltirilgan bo‘lib, u yerda muhandislik, iqtisod va menejment, huquq, tibbiyot va boshqa fakultetlar mavjud.