Germaniyada inflyatsiya 70 yil ichida birinchi marta 10%dan oshishi mumkin, deya ogohlantirdi Germaniya markaziy banki prezidenti. Bu haqda “Financial Times” xabar bermoqda.

Xabarda keltirilishicha, bunga Rossiya tomonidan gaz yetkazib berishni cheklash natijasida energiya narxining oshishi sabab bo‘ladi.

“Bundesbank” (Germaniya markaziy banki) prezidenti Yoaxim Nagel retsessiya xavfiga qaramay, foiz stavkalarini yanada oshirish zarurligi haqida ta’kidladi.

Chunki mamlakatda inflyatsiya 1951-yildan beri birinchi marta ikki xonali raqamga yetishi mumkin.

“Inflyatsiya oldindan prognoz qilinganidan yuqori bo‘lishi ehtimoli ortib bormoqda. 2023-yil inflyatsiya „Bundesbank“ tomonidan iyun oyida qilingan 4,5%lik prognozdan oshib ketishi mumkin”, dedi Nagel.

Yevropa Markaziy banki tomonidan stavkaning navbatdagi ko‘rib chiqilishi 8 sentyabrda bo‘lib o‘tadi.

Nagelning “Rheinische Post” gazetasiga aytishicha, Germaniyada inflyatsiya bu kuzda 10% dan oshishi va kelgusi yilda ham yuqori bo‘lib qolishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Buyuk Britaniyada inflyatsiya 40 yil ichida birinchi marta 10%dan oshgani haqida yozgandi.