Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo‘linmalarining faoliyati tubdan o‘zgartiriladi.
Bundan buyon ularga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi;
- har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi;
- hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘ladi;
- mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o‘tkazadi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasining o‘ziga ham hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish hamda tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.
Avvalroq tadbirkorlar uchun qulay moliyalashtirish tizimi yaratilishi ma’lum qilingandi.