Joriy yilning dastlabki yetti oyi davomida O‘zbekistonda 162 518 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45 146 taga oshdi.
Yanvar-iyul oylarida 561 ta avtobus, 2 510 ta yuk avtomobillari ishlab chiqarildi.
Shuningdek, avtomobil benzinini ishlab chiqarish hajmi 662,6 ming tonna, ko‘mir 2,9 mln tonna, neft 452,3 ming tonna hamda gaz kondensati 757,9 ming tonnaga yetdi.
Avtomobil dvigatellarining hajmi 125,7 ming donani tashkil etdi.
Ishlab chiqarish hajmi o‘sayotganiga qaramay, import hajmi ham ortib bormoqda.
Joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida xorijiy davlatlardan import qilingan yengil avtomobillar soni 18 821 tani, qiymati esa $460,9 mln.ni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 6750 taga oshgan.
O‘zbekiston ko‘proq Xitoydan import qilishi ma’lum bo‘ldi. Yetti oyda bu mamlakatdan 7950 ta yengil avtomobil import qilingan.
Uchlikdan Koreya (5658 ta) hamda Qozog‘iston (3422 ta) joy egalladi.
Avvalroq O‘zbekiston joriy yilda Rossiyadan ko‘proq avtomobil ishlab chiqargani ma’lum qilingandi.