Joriy yilning birinchi yarim yilligida 12,9 mlrd so‘mlik 16 ta startap loyihalar moliyalashtirildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich 2021-yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 177,7%ga oshgan.
2019−2022 yillar davomida jami 104 mlrd so‘mlik 155 ta startap loyiha moliyalashtirilib, natijada 1 279 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Innovatsion sohada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoki startap korxonasiga ega subyektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6 ta hududda yoshlar texnoparki tashkil etildi.
2023-yilning oxiriga qadar respublikaning barcha hududlarida bu kabi markazlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Toshkent shahridagi “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki tajribasi asosida Nukus, Buxoro, Jizzax va Namanganda “INNO” texnoparklari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
2022-yil 1-iyun holatiga Toshkentdagi “Yashnobod” innovatsion texnoparkiga 42 ta korxona rezident sifatida a’zo bo‘lib, 441 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Natijada 71,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, eksport hajmi $418,5 mln.ni tashkil etdi.
Startap loyihalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 ta investitsiya kompaniyasi, 6 ta venchur fondi va 1 ta boshqaruv kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Avvalroq “Spot” prezident qarori bilan AKT bo‘yicha mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan prezident sovrini uchun tanlov tashkil etilishi haqida yozgandi.