Prezident “2022−2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab berildi.

Elektron davlat xizmatlariga xususiy sektor jalb qilinadi

Unga ko‘ra, 2022-yil yakuniga qadar aholi yashash maskanlarining keng polosali mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrovini 98%ga, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylab yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovini esa 60%ga yetkazish belgilanmoqda.

40 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish hamda qo‘shimcha 800 ming xonadonni yuqori tezlikdagi internetga ulash imkoniyatini yaratish orqali optik tolali aloqa qamrovi 80%ga yetkaziladi.

Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga xususiy sektorni jalb qilish orqali foydalanuvchilar sonini 2 barobar oshirib, 4 mln.ga, IT-xizmatlar eksporti hajmini $100 mln.ga yetkazish ko‘zlangan.

Masofaviy xizmatlar eksporti markazi tashkil etiladi

Joriy yilning 1-oktabridan boshlab operator va provayderlarga telekommunikatsiya obyektlarida texnik vositalarni o‘rnatish uchun loyiha-smeta hujjatlari ekspertizaga topshirilgan sanadan boshlab qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Unga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlari 15 kunlik muddatda ekspertizadan o‘tkaziladi.

1-sentabrdan esa respublikaning barcha hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali masofaviy xizmatlar eksporti markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Operatorlar yagona portal xizmatlarini ko‘rsatadi

2022-yil 1-noyabrdan tijorat banklari, to‘lov tizimlari hamda mobil aloqa operatorlariga axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, o‘zlarining mobil ilovalari orqali Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Identifikatsiyalovchi ID-kartaga joylashtirilgan elektron raqamli imzo kalitlari orqali Yagona portalning mobil ilovasida joriy etilgan elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.

AKT bo‘yicha prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi

2023-yildan boshlab har yili umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi.

Xarajatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

2022-yil 1-oktabrdan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratish tartibi joriy etiladi.

“Digital office” tizimi yaratiladi

2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida o‘z ichiga oluvchi Hukumat portali yagona platformasi ishga tushiriladi.

2023-yil 1-yanvarga qadar yagona elektron hujjat aylanish tizimi, xabarlar almashish messenjeri, yig‘ilish va tadbirlar kalendari, himoyalangan elektron pochta va videokonferensiyalar o‘tkazish imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining avtomatlashtirilgan ish joyi — “Digital office” tizimi ishlab chiqiladi.

Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tizimi yaratiladi

2023-yil 1-yanvardan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalar monitoringi “NIS.UZ” idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bu tizim vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlariga amal qiladi.

Davlat statistika qo‘mitasi ular bo‘yicha o‘zlashtirilgan mablag‘lar hisobini yuritadi.

Shuningdek, joriy yilning 1-oktabridan boshlab 7 ta ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda bosqichma-bosqich majburiy tartibda sun’iy yo‘ldosh apparatlari orqali davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.