“Sberbank” Qozog‘iston bozoridan chiqib, mahalliy sho‘ba bankini “Bayterek” milliy boshqaruv xoldingiga sotishga qaror qildi. Bu haqda xolding rasmiy saytida ma’lum qilindi.

“Sberbank” joriy geosiyosiy vaziyat tufayli bank mijozlari manfaatlaridan kelib chiqib, xorijiy aktivlarni sotishga qaror qildi, deyiladi bayonotda.

Kelishuv yaqin orada yakunlanishi kutilmoqda. Aktivlar topshirilgandan so‘ng, joriy mijozlar uchun shartlar o‘zgarishsiz qoladi.

Ya’ni bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etadi va ular uchun mahsulot shartlari o‘zgarishsiz qoladi.

Shuningdek, 22-avgust kuni “Sberbank” “VKontakte” bilan “О2О Холдинг” qo‘shma korxonasining aktivlarini taqsimlash to‘g‘risida kelishib oldi, deya xabar berdi “The Bell” nashri.

Unga ko‘ra, “VK” “Delivery Club” yetkazib berish xizmatini, “Sberbank” esa boshqa barcha aktivlarni oldi.


Avvalroq “Spot” joriy yil olti oyida Qozog‘istondan ko‘proq O‘zbekiston va Turkiyaga pul jo‘natilgani haqida yozgandi.

Umumiy hisobda pul o‘tkazmalari hajmi 495,8 mlrd tengeni tashkil etib, shundan 130 mlrd.i O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.