Prezidentning qaroriga muvofiq 1-sentabrdan “Keshbek” tizimi ishga tushiriladi.

Unga ko‘ra, ichki sayohatlarni amalga oshirgan O‘zbekiston fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish quyidagi xizmatlardan foydalanganda amalga oshiriladi:

  • avia, temir yo‘l va avtobusdan foydalanish;
  • joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
  • madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Xarajatlarning qancha qismi qaytariladi

Bu quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15%i, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50%i, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Keshbeklarni qanday olish mumkin

Buning uchun “Soliq.uz” mobil ilovasini yuklab olish va FaceID orqali shaxsni tizimda tasdiqlash kerak.

Undan so‘ng reja qilingan sayohat yo‘nalishi va boshlanish sanasi tanalanadi.

Keshbeklarni yig‘ish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yo‘l yoki avtobus biletlari ilovaga kiritiladi.

Sayohatdan so‘ng “Sayohatni tugatish” tugmasi bosilib, yig‘ilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga o‘tkazish mumkin.

Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.



Avvalroq “Spot” Samarqanddagi yangi turizm markazi sayyohlar sonini 1,5 mlndan oshirishga yordam berishi haqida yozgandi.