Toshkentdagi “DSR Corporation” oʻquv markazi “Oʻrnatilgan tizimlar laboratoriyasi” kursiga qabul boshladi. Bu haqda “IT Park” xabar bermoqda.

Unga koʻra, mazkur kursda oʻqish bepul boʻlib, u 2011-yilda “DSR” korporatsiyasi tomonidan Yaponiyaning “OTSL” kompaniyasi bilan birgalikda yaratilgan.

Darslar joriy yilning oktabr oyida boshlanadi va ikki semestr davom etadi.

Maʼruza va amaliyot kompaniyaning yetakchi muhandislari tomonidan olib boriladi hamda rus tilida onlayn tashkillashtiriladi.

Dasturda quyidagilar oʻrgatiladi:

  • C tilida kross-platforma ishlab chiqish vositalari bilan tanishish;
  • ARM mikrokontrollerlari bilan oʻrnatilgan tizimlar uchun dasturlash;
  • Bluetooth/WiFi/Zigbee simsiz tarmoqlarining amaldagi standartlari;
  • DSR ning Zigbee tarmoq yechimlari bilan simsiz IoT qurilmalari uchun dasturlash;
  • ishlab chiqish va sinov jarayonlarini tashkil etish.

Treningga kirishdan oldin “C tili” asoslarini bilish va kirish testini topshirish kerak.

Ishtirok etish uchun arizani havola orqali toʻldirish mumkin.

Oʻquv guruhlari toʻlgunga qadar arizalarni saralash bosqichi davom etadi.

Shuningdek, kurs orqali bir nechta imkoniyatlarga ega boʻlish mumkin.

Jumladan, “Junior developer” lavozimi uchun yetarli bilim va amaliy koʻnikmalar, “DSR"dan elektron sertifikat hamda kompaniyaning eng yaxshi talabalar bilan suhbati amalga oshiriladi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

DSR” 1998-yilda tashkil etilgan va hozirda butun dunyoda startaplar hamda global brendlar bilan ishlaydi.

Kompaniya veb va mobil dasturlash, blokcheyn, raqamli media, simsiz texnologiyalar, internet yechimlari, kompyuterni kuzatish va mashinani oʻrganishga ixtisoslashgan.

Korporatsiyaning bosh qarorgohi AQShning Denver shahrida joylashgan.

25 yillik faoliyati davomida kompaniya 1000 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.

2022-yilda kompaniya Oʻzbekistondagi “IT Park” rezidenti boʻldi.


Avvalroq “Spot” “FIRST Global Challenge” musobaqasining respublika bosqichiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar bergandi.