Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” ishbilarmonlik markazi va turar joy kompleksi tashkil etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori loyihasida ta’kidlangan.

Unga ko‘ra, joriy yilning mart oyida qabul qilingan prezident qaroriga asosan Namangan shahrining turizm, biznes hamda servis xizmatlari turini oshirish orqali uni “millionli shahar"ga aylantirish belgilangan.

Shuningdek, investitsiyaviy muhit yaxshilanishi natijasida xalqaro brendlar va yirik kompaniyalarning shaharga kirib kelishi, urbanizatsiya jarayonlari sezilarli darajada tezlashishi, shaharning “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida boshqarish tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Namangan shahrida bir yilda aholining o‘rtacha o‘sishi 30,3 ming kishini tashkil etishi hisobga olinsa, 2040-yilga kelib aholi soni tabiiy ravishda 1,2 mln kishiga yetishi prognoz qilinmoqda.

Ishbilarmonlik markazi va turar joy kompleksini yaratishda Namangan shahriga chegaradosh bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumanidan 472,4 gektar yer maydonini qo‘shib berish ko‘zlanmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, qarorni amalga oshirish orqali maydoni 164,2 gektar bo‘lgan 4 ta kichik sanoat zonasida 41 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga erishiladi.


Avvalroq “Spot” Samarqanddagi yangi turizm markazi sayyohlar sonini 1,5 mlndan oshirishga yordam berishi haqida yozgandi.