Hukumat qarori bilan boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklarning elektron ma’lumotlar banki shakllantiriladi.

Tizim joriy yilning 1-oktabridan amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.

Elektron ma’lumotlar bankiga quyidagilar kiritiladi:

  • jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligi;
  • yuridik shaxsga oid ma’lumotlar — Adliya vazirligi;
  • ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar — Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
  • qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
  • attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
  • kemalarga oid ma’lumotlar — Transport vazirligi;
  • kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Elektron ma’lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.

Notarius elektron ma’lumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.

Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo‘yish, shuningdek, uni bekor qilishda to‘lov undirilmaydi.

Murojaatga asosan elektron ma’lumotlar bankida mavjud ma’lumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki Yagona portal orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.


Avvalroq mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasi ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.