Yevropada gazning birja narxi 8-martdan beri ilk bor $3200 dan oshdi, deya xabar berdi “РБК” nashri.

25-avgust kuni Niderlandiyadagi “TTF” xabida tabiiy gaz uchun sentyabr fyucherslari narxi 7%ga o‘sdi. Bunda 1 MVt/soat uchun 312 yevroga yoki 1000 kub.m uchun $3280 ga yetdi.

“Shimoliy oqim” gaz quvuri orqali yetkazib berish uch kunga to‘xtatilishi arafasida energiyaga talab ortib borayotgan bir sharoitda Yevropada gazning birja narxlari oshib bormoqda.

“Gazprom” o‘tgan haftada ishlayotgan yagona gaz turbinasi 31-avgustdan 2-sentabrgacha texnik xizmat ko‘rsatish va profilaktika ishlari uchun yopilayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Yevropada gaz narxining oshishiga yana bir omil AQShdagi eng yirik LNG terminallaridan biri “Freeport LNG” iyun oyi boshidagi portlashdan so‘ng terminalni to‘liq ishga tushirishni yana keyinga surgani haqidagi xabar bo‘lishi mumkin.

Yevropada gaz narxining tarixiy maksimali 2022-yilning mart oyida qayd etilgan, o‘shanda narx $3800 dan oshgan.

“Gazprom” Yevropada gaz narxi joriy qishda yuqori bo‘lib qolishi va konservativ hisob-kitoblarga ko‘ra, har 1000 kub metr uchun 4000 dollardan oshishi mumkinligini taxmin qilgan.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda suyultirilgan gaz hajmi 56 ming tonnagacha oshirilishi haqida yozgandi.