“SNS ratings” tijorat banklarining call-markazida xizmat ko‘rsatish sifatini baholovchi reytingni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, reytingning eng yuqori pog‘onasini “Anorbank” hamda “Hamkorbank” egalladi.
Keyingi uchta bank — “Asia Alliance bank”, “Tengebank” hamda “SQB” bankning xizmat ko‘rsatish sifati “yaxshi” deb topilgan.
Reytingni tuzishda O‘zbekistonning 30 ta tijorat banki (shundan 11 tasi davlat banki va 19 tasi xususiy bank) ishtirok etib, asosan xususiy banklar yuqori ko‘rsatkichni egalladi.
Eng quyi pog‘ona bilan reytingni “Davr bank” yakunlab beradi. Bankning xizmat ko‘rsatish sifati qoniqarsiz deb topilgan.
Reytingni tuzishda agentlik mutaxassislari tomonidan “sirli mijoz” sifatida telefon qo‘ng‘iroqlari amalga oshirilib, muayyan savollar berildi.
Baholashda operator bilan ulanishni kutish vaqti, operatorning xizmat ko‘rsatish madaniyati, professionalligi hamda suhbatning davomiyligi hisobga olingan.
“SNS ratings” moliya bozorida reyting baholashni amalga oshirishga qaratilgan agentlik hisoblanadi.
U moliyaviy vositalarning alohida emissiyalariga milliy shkala bo‘yicha kredit reytinglarini berish hamda bank-moliya tashkilotlari, moliya bozorining boshqa ishtirokchilari uchun investitsion jozibadorlik darajalarini baholaydi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston “sof” ish haqi reytingida 106 ta davlat ichida 96-o‘rinni egallagani haqida yozgandi.