Rossiya oʻzbekistonliklar uchun valyuta ayirboshlash maydoniga aylandi, deb yozadi “Kommersant”.

"Ular rublga so‘m sotib olib, keyin dollarga almashtiradilar. Soʻngra Rossiyaga olib kelib, bu yerda yana rubl sotib oladilar", deyiladi xabarda.

“Vedomosti"ning yozishicha, bunday operatsiyalarda bir necha kun ichida 6% foyda olish mumkin.

“Bu usul 30 yil oldin valyutafurushlar tomonidan qo‘llanilgan va u hali ham „qora“ bozorda uzilishlarsiz ishlaydi”, dedi “InstaForeks” kompaniyalar guruhi tahlilchisi Aleksandr Davidov.

Bu qanday daromad keltiradi

Davidov so‘zlariga ko‘ra, naqd dollar deyarli yo‘q bo‘lib ketdi va uni qora bozorda sotish yaxshi daromad keltirishi mumkin.

Marja esa bir vaqtning o‘zida pulni jalb qilish shartlariga, ya’ni u yoki bu valyuta qanday narxda sotib olinishiga bog‘liq.

Amalda valyutafurushlik u yoki bu shakldagi qarz mablag‘lari bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda hamma narsa ularning qiymatiga bog‘liq.

“Agar pul shaxsiy bo‘lsa, unda 5%lik foyda ham juda yaxshi hisoblanadi. Komissiyalar tufayli buni $1000 bilan amalga oshirishdan ma’no yo‘qligi aniq. Menimcha, foyda kamida bir necha yuz ming dollardan keladi”, — deydi ekspert.

Tajribali chayqovchilar qo‘shni mamlakatlar bozorini doimiy ravishda kuzatib borish va eng foydali stavkalarni kuzatish orqali o‘xshash geografik sxema bo‘yicha yillar davomida pul ishlashlari mumkin.

Rossiyada bu amaliyot mart-aprel oylarida jozibador bo‘lib, rubl rekord darajada zaiflashgan va ba’zi almashtirgichlarda 1 dollar uchun 160 rublga yetgan. Ammo so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya valyutasi 60 rubl atrofida mustahkamlandi.

Bundan tashqari, bunday operatsiyalar har doim bozordan tashqari risklar bilan birga keladi, deb ogohlantirdi “Открытие” kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha direktori Vitaliy Isakov:

“Rossiyadan shaxsiy xorijiy hisoblarga juda katta limit bilan dollar yuborish mumkin. Hozirda bu oyiga $1 mln.ni tashkil etadi. Chet eldagi pullar hisobvaraqlardan naqd holda yechib olinadi va keyin ular yana Rossiyaga olib kelinadi va birja kursi bo‘yicha emas, balki bank kursi bo‘yicha sotiladi — bu ancha yuqori hisoblanadi”, deya tushuntiradi u.

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalarining faollashganiga e’tibor qaratgandi. Yanvar-iyun oylarida o‘zbekistonliklar mahalliy banklardan $5,5 mlrd.dan ortiq mablag‘ni olib chiqishdi.

Shuningdek, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi ham ortib, 2022-yilning 1-yarim yilligida mamlakatga jami $6,5 mlrd.lik mablag‘ kirib keldi.

Aprel oyidan boshlab transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi sezilarli darajada ko‘payib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga o‘sdi. Bunga asosan Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari hajmi sabab bo‘ldi.

Pul o‘tkazmalarining tarkibiga qaralsa, qariyb $199 mln rublda kelib tushgan. Mazkur valyutaning 87%i so‘m tariqasida olingan.

Iyul oyining oxiridan boshlab O‘zbekistonning bir qator banklari xorij valyutasini yechib olish uchun 0,7−1% lik komissiya joriy etdi. Bunda “Western Union”, “MoneyGram”, “CONTACT” va “Юнистрим” kabi to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari uchunham foiz yechib olinadi.