Joriy yilning yetti oyi davomida Oilakredit elektron platformasi orqali aholi va tadbirkorlarning 250 mingdan ortiq loyihalariga jami 6 trln so‘m kredit ajratildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Platforma orqali aholi va tadbirkorlardan kredit olish maqsadida 595 mingdan ortiq 18,1 trln so‘m miqdorida arizalar kelib tushgan.

Shundan 57%i ya’ni 10,4 trln so‘mlik qismi rad etildi.

Bunda faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlari va imkoniyati hamda ko‘nikmaning yetarli emasligi kabi sabablar bilan qaytarildi.

2021-yilning yanvar-iyul oylarida aholidan kelib tushgan arizalarning 19%i sektor rahbarlari va MFY raislari tomonidan rad etilgan.

Shuningdek, Marketplace erkin savdo platformasi orqali mahsulot, asbob-uskuna, xizmatlar narxlari va xususiyatlarini taqqoslab, mustaqil ravishda tanlash imkoniyati mavjud.

Platformada oldi-sotdi shartnomasini tuzish, mahsulot qabul qilish dalolatnomasini imzolash, kredit mablag‘ini sotuvchiga o‘tkazishga topshiriq berish amaliyoti elektron tarzda rasmiylashtiriladi.

Bundan tashqari, elektron savdo maydonida barcha mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan mahsulot, asbob-uskuna va xizmatlarni sotish bo‘yicha takliflar erkin joylashtiriladi.

Unda ro‘yxatdan o‘tib, mahsulot va xizmatlarni taklif etayotgan tadbirkorlar soni 15,5 mingdan oshgan.

Joriy yilning boshida “Spot” “Oilakredit” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qoʻyish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida boʻlim ishga tushirilishi haqida yozgandi.


Avvalroq O‘zbekistonda 56 896 ta oilaviy korxona faoliyat yuritayotgani ma’lum qilingandi.