“O‘zbekiston temir yo‘llari” joriy yilning 29-avgustidan 4-sentabrigacha “Afrosiyob” poyezdining qo‘shimcha qatnovini amalga oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “Samarqand-Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezd qatnoviga 1 reysdan qo‘shilib, jami 7 ta reysni tashkil etadi.
Qo‘shimcha ma’lumotni Toshkentdagi 1005 qisqa raqami yoki joylardagi temir yo‘l kassalaridan, shuningdek, ma’lumotlar byurosidan olish mumkin.
Chiptalarni elektron tarzda havola orqali xarid qilish mumkin.
Avvalroq kompaniya 1−4-sentabr kunlari ichki yo‘nalishlarga chegirmalar taqdim etgandi.
Quyidagi toifadagi fuqarolarga chegirmalar ajratiladi:
- nafaqadagilar, nogironligi bor shaxslar, 1941−1945 yil urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga chiptaning tarif qismidan — 50%;
- oliy o‘quv yurtlarining talabalari, maktab o‘quvchilari, kollej va litsey talabalari, IIV, MV, DXX, DS, DB maxsus ta’lim muassasalari talabalariga chiptaning tarif qismidan — 15%;
- oilaviy bo‘lib poyezdga chiqsa (ikki yoki undan ortiq kishi — eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi va 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan ona) (nikoh guvohnomasi taqdim etilgan holda) chiptaning tarif qismidan — 15%;
- bir jamoa, guruh bo‘lib poyezdga chiqsa (yo‘riqnoma asosida 4 nafar va undan ortiq kishiga) chiptaning tarif qismidan — 15%;
- “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yo‘lovchilarga chiptaning tarif qismidan — 10%.
Bunda Imtiyozli chiptalarni faqat temiryo‘l kassalaridan xarid qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Elektron chiptalarda belgilangan chegirmalar esa rasmiylashtirilmaydi.