Zangiota tumanida “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash markazi ochildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Markazda Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda 20 petabayt xotiraga ega tizim tashkil etildi.

Petabayt — bu xotira yoki ma’lumotlarni saqlash hajmining o‘lchovidir, u baytning 2 dan 50-chi kuchiga teng.

580 ta server hamda umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, binoni sovutish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash tarmoqlari talab darajasida ishlaydi.


Ma’lumotlar markazi xalqaro “Uptime” instituti tomonidan beriladigan “TIER III” sertifikatiga ega.

“Bu markaz raqamlashtirishning “yuragi”, “Elektron hukumat"ning zamini”, — dedi Prezident.

“Elektron hukumat” markazining ishga tushirilishi davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan harajatlarini tejashi ta’kilanmoqda.

Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi hamda kiberhujumlardan ishonchli himoya ta’minlanadi.