Amerikaning “Dell” korporatsiyasi barcha xodimlarini ishdan bo‘shatib, Rossiyani tark etadi, deya xabar berdi “CNews” nashri.

Fevral oyining oxirida kompaniya o‘z uskunalarini Rossiya bozoriga yetkazib berishni to‘xtatdi.

Tomonlar kelishuviga ko‘ra, turli korporativ darajadagi mahsulotlar uchun 400 ga yaqin dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari ishdan bo‘shatilmoqda.

Nashr xabariga ko‘ra, 30-avgust “Dell"ning Rossiya bozoridagi so‘nggi kuni bo‘ladi.

Korporatsiya ketganidan keyin uning o‘rnini rus va xitoylik ishlab chiqaruvchilar egallashi kutilmoqda.

“Nihoyat, Xitoyning yangi IT infratuzilma sotuvchilari Rossiya bozoriga kirish ehtimoli ortib bormoqda”, deydi “Aerodisk” kompaniyasi bosh direktori Vyacheslav Volodkovich.


Avvalroq “Spot” Mercedes-Benz Rossiyadagi zavodini sotayotgani, “Bosch” kompaniyasi esa ikkita zavodi uchun xaridor qidira boshlagani haqida yozgandi.