Davlat soliq qo‘mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligi haqida ma’lumot berdi.

Quyidagi hollarda keshbek hisoblanmaydi:

  • agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
  • sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa.

Avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun ham keshbek qaytarilmaydi.

Shu bilan birga shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda ham keshbek taqdim etilmaydi.

Soliq qo‘mitasi shubhali xaridorlar kimligi haqida ham tushuntirish berib o‘tgan.

Keshbekga ega bo‘lish uchun boshqa fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan xarid cheklarini egasining ruxsatisiz ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslar shubhali xaridorlar hisoblanadi.

Bunda cheki boshqa fuqarolar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega boʻlish yoʻriqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.


Avvalroq “Spot” iyul oyida aholiga qariyb 80 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgani haqida yozgandi.