Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Asror Nigmonov 2022-yil uchun YaIMning real o‘sish sur’atini prognoz qildi.
Tadqiqot 20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik “Google” qidiruv natijalari, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy ko‘rsatkichlariga asoslanib, noukasting usulida hisoblab chiqildi.
Noukasting usuli — Google qidiruv tendensiyalari, veb-sahifalarda joylashtirilgan reklama va eʼlonlar, yangiliklar matni maʼlumotlariga asoslangan holda qoʻllaniladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy tashqi shoklar sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 1-choragida kuzatilgan salbiy omillar, jumladan, Qozog‘istondagi siyosiy notinchlik, elektr ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilish va Ukrainadagi mojarolar tahlil jarayonlarida hisobga olingan.
Sezilarli pasayish joriy yilning fevral-mart oylarida kuzatildi. Ammo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2-chorak davomida sezilarli darajada tiklanib yuqori sur’atlarda o‘sdi.
Joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy o‘sishning taxminiy ko‘rsatkichlari 4,99%ni tashkil qilgandi.
2022-yilning 3-choragida YaIMning taxminiy haftalik dinamikasida o‘sish kuzatilmoqda, bu esa YaIM o‘sish sur’atini yiliga kamida 0,68%ga oshiradi.
Natijalar 2022-yil uchun YaIMning real o‘sish sur’atini 5,77% darajada ko‘rsatdi.
Shundan kelib chiqib, 2022-yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilinayotgan diapazoni 5,67%-5,87% darajasida belgilandi.
Avvalroq eksperlar O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar va ularning dinamikasini o‘rgangandi.