22−28 avgust kunlari O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,1 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hafta davomida birjaga 58 658 tonna un qo‘yilib, jami 24 579 tonna un — 42%i sotildi. Birjaning un bozori narxi pasayishi kuzatildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 1 407 xaridor ishtirok etdi.

1-navli unning kunlik o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 840 ming so‘mdan 4 mln 822 ming so‘mgacha pasaydi.

O‘rtacha haftalik narxi bir tonnasi uchun 4 mln 745 ming so‘mni tashkil etdi. Kunlik sotuv hajmi 4 916 ming tonnani qayd etdi.

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 270,8 ming tonna sement qo‘yildi va ulardan 146,9 ming tonnasi — 54,2% sotildi.

O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 29,4 ming tonnani tashkil qildi.

Sementning barcha markasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 595,1 ming so‘mdan 591,3 ming so‘mgacha pasaydi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 273 xaridor ishtirok etdi.

Suyultirilgan gazning ham birja bozoridagi narxi pasaydi.

Hafta davomida birja savdolariga 4 984 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va shundan 4 769 tonnasi — 95,7% sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 204 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 452,4 ming so‘mdan 3 mln 980,9 ming so‘mgacha, ya’ni 10,6%ga pasaygan.


Avvalroq yuqori ulushga ega oziq-ovqat mahsulotlari importi ma’lum qilingandi.