Toshkent xalqaro aeroportida avtomobil turar joylari ikki barobarga ortadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunga avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va kattalashtirish natijasida erishiladi.

Toshkent aeroportining xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh “Uzbekistan Airports” balansiga topshirilgan.

Yaqin vaqt ichida o‘rtacha 400 avtomobilga mo‘ljallangan yana bir avtoturargohning topshirilishi kutilmoqda.


Masalan, uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi.

Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, shuningdek, avtobus va taksilar uchun kirish yo‘laklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi.

“Aeroport oldi hududining yangi loyihasi avtobuslar, shaxsiy avtomobillar va taksilar uchun alohida yo‘laklar qurish imkonini beradi. Odamlar ko‘chada turmasligi lozim, avtoturargoh — faqat avtomobillar uchun. Yo‘lovchi, kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning o‘zida sharoitlar yaratilmoqda” — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.


Shuningdek, uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 o‘rinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi.

Natijada, aeroport atrofidagi hududning avtomobil turar joylari soni 187%ga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi.

Uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh ham rekonstruksiya qilinmoqda va u mehmonxonaga borish va mehmonxonadan qaytishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda “Uzbekistan Airports” balansiga o‘tkazilmoqda.

“Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi. Uchib kelish zali oldida kutib oluvchilar uchun qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan yopiq inshootlar, shuningdek, o‘rindiqlar va savdo nuqtalari qurilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.