22-avgust kuni prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda 2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15%dan 12%ga tushirilishini ma’lum qildi.
Uchrashuvda kelgusi yildan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4−25%gacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4%li soliq stavkasi joriy etilishi bildirildi.
“Spot” soliq maslahatchisi, “United Tax Advisors” kompaniyasi asoschisi Murod Muxamedjanov bilan suhbatda QQS stavkasining pasaytirilishi biznes va yakuniy iste’molchiga qanday ta’sir qilishi haqida suhbatlashdi.
Мurod Мuxamedjanov,
soliq maslahatchisi, “United Tax Advisors” asoschisi.
Bu ko‘plab tadbirkorlarni soyadan olib chiqadi
Mikro biznes uchun yagona 4%li soliq stavkasi joriy etilishi umumiy ovqatlanish korxonalari, sug‘urta agentlari va mol-mulkni ijaraga beruvchilarga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Chunki bugungi kunda asosiy faoliyati mol-mulkni ijaraga berish bo‘lganlar hamda umumiy ovqatlanish korxonalari aylanmadan 8% soliq to‘layotgan edi.
Hozirda ko‘pchilik ko‘chmas mulkini ijaraga berish bilan shug‘ullanadi. Kichkina bir bino qurib qo‘ysa ham ijaraga beraman va olaman deydiganlar ham ko‘p.
Bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar endi aylanmadan ikki baravarga kam mablag‘ sarf qiladi. Bu ular uchun juda katta natija.
Bu soliq to‘lovchilarni xursand qilish bilan bir qatorda, ularni yuzaga — “qora” bozordan “oqqa” chiqishiga sabab bo‘ladi.
Chunki bugungi kungacha ko‘plab tadbirkorlar 1 mlrd.lik aylanmadan 8% soliq (80 mln so‘m) to‘lagandan ko‘ra ushbu mablag‘ yonimda qolgani afzalroq degan ma’noda kelishardi.
Endi ular 40 mln so‘m to‘laydigan, hamma uchun teng sharoit yaratiladigan bo‘lsa, o‘ylaymanki bu tadbirkorlar ham soliq to‘lashdan qochmaydi.
Bu esa, o‘z o‘rnida, mazkur yo‘nalish vakillarini soyadan qonuniy bozorga olib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek brokerlik idoralari (25%), konsert-tomosha ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar (5%), lombard (25%) kabi tashkilotlarda stavkalar 4%dan yuqori edi.
Biroq bu tartibda soliq to‘laydiganlar juda ham ko‘p emas, chunki brokerlar, vositachilik shartnomasi asosida ishlaydiganlar umumiy aylanmasi 1 mlrd.dan oshgandan keyin baribir QQS to‘loviga o‘tib ketadi.
Shuning uchun brokerlik, vositachilik asosida faoliyat olib boradiganlar va “lombard"larga bu holat deyarli ta’sir qilmaydi. Negaki bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar aksariyatining oboroti 1 mlrd.dan baland hisoblanadi.
Shu sababli ushbu faoliyatlar uchun soliq stavkalarining pasayishi tadbirkorlarga u qadar ta’siri bo‘lmasligi bilan bir qatorda byudjet uchun ham katta yo‘qotish bo‘lmaydi.
QQS stavkasining pasayishi — biznes uchun qulay yechim
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 15%dan 12%ga tushishi to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes egalariga va bilvosita oxirgi iste’molchi bo‘lgan aholiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Masalan, biznes egasiga qanday ta’sir qilishi mumkin. Bunda ichki ishlab chiqaruvchilar va importyorlarni misol qilib olamiz.
O‘zbekistondagi korxonalarda hozirgi kunda 1 mlrd so‘mlik tovar ishlab chiqariladigan bo‘lsa QQS bilan 1 mlrd 150 mln so‘mga aylanmoqda.
Endi tadbirkor 2023-yildan QQS stavkasining 3%ga pasayishi hisobiga 150 mln emas 120 mln QQS to‘laydi.
Bunda tadbirkor narxni 30 mln.ga kamaytirishi hisobiga aholi uchun 30 mln so‘mga arzonroq mahsulotlarni olishga erishish hisoblanadi. Ya’ni bu bilvosita aholiga ta’sir ko‘rsatadi.
Bozordagi mavjud holatdan kelib chiqib narx pasaymagan taqdirda tadbirkorning qo‘lida ortiqcha mablag‘ shakllanishni boshlaydi.
Buning hisobiga u ortiqcha mablag‘dan unumli foydalangan holda biznesni yanada kengaytirishga — marketingini rivojlantirishga, xodimlar ish haqini oshirishga va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga imkoniyat bo‘ladi.
Bu har tomonlama, birinchi navbatda ichki bozor uchun yaxshi va qulay yechimdir.
Endi importyorlar masalasiga yondashadigan bo‘lsak, juda ham ko‘p mahsulotlar O‘zbekistonga import orqali kirib keladi.
Yana o‘sha masala — mamlakatga 1 mlrd so‘mlik tovar import qilindi, buning uchun korxona shu paytgacha 150 mln so‘m QQS to‘lashi kerak edi. Endi QQS stavkasi 15 dan 12%ga tushadigan bo‘lsa 120 mln so‘m to‘laydi. Ya’ni 30 mln so‘m xarajat korxona foydasiga tejaladi.
Bu yerda bir narsani tushunish kerak, tadbirkor foydani hech qachon o‘zi bilan olib ketmaydi, biznes egasi pulini doim aylanma (oborot)ga tikadi.
Bu juda yaxshi qabul qilingan qaror deb hisoblayman. Tasavvur qiling, hozir 1 mlrd hisobida ko‘rsatib o‘tdik, vaholanki bir kunda O‘zbekistonga yuzlab million dollarlik tovarlar import bo‘ladi.
Har yuz million dollardan $15 mln to‘lanayotgan bo‘lsa endi buyog‘iga har kuni kamida $3 mln tadbirkor ixtiyorida qoladi.
Soliqdagi o‘zgarishlar iste’molchilar va narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi
Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, toki O‘zbekistonda ishlab chiqarish rivojlanmas va import hajmi ortib, monopoliya monopoliyaligicha qolverar ekan soliq qanchalik kamaytirilib o‘zgartirilmasin narxga ta’sir qilishi qiyin bo‘ladi.
Chunki narxni soliq, unga ishlatilgan sarf harajatlar emas, balki tovarga bo‘lgan talab shakllantiradi. Narx navo u yoki bu tovarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib shakllanadi.
Hozir monopoliya avj olib borayotgan sharoitda QQS stavkasi tushirilgani bilan aholining asosiy talabi — shakar, un, go‘sht va neft mahsulotlari bo‘yicha juda ham ko‘p tortishuvlar bo‘lib turibdi.
Mazkur mahsulotlarning mamlakatga kirishi monopoliya orqali boshqarib turilar ekan barcha soliq stavkalarini 0% qilganda ham narx-navo hech qachon pasaymaydi.
Narx taklif ko‘paygandagina pasayishi mumkin, taklif esa bozor erkin bo‘lsa va ichki ishlab chiqarish rivojlansa ortadi.
Bizda esa, afsuski, ishlab chiqarish to‘liq shakllanmay qolyabdi. Monopoliya va ma’muriy to‘siqlarimiz juda ham ko‘p.
Endi oyoqqa turaman degan davlatda eng kuchli mamlakatlarga qo‘yiladigan butunjahon standartlari bo‘yicha talablar bor. Bu bilan hech qachon narx pasayishiga erisha olmaymiz.
Eng avvalo, ichki bozorda ishlab chiqarishni rivojlantirib monopoliyani yo‘qotishimiz kerak.