Ozarbayjon va O‘zbekiston energetika sohasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahboz va O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev imzolagan hujjatda hamkorlikning 30 ta yo‘nalishi belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, tomonlarning mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda ishtiroki, xususiy investitsiyalar hisobidan yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish sohasida hamkorlik qiladi.
Shuningdek, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, energiya (elektr energiyasi va tabiiy gaz) bozorlarini liberallashtirish, xususiylashtirishda tomonlarning ishtirokini ta’minlash va xususiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan.
Bundan tashqari, energiya resurslaridan samarali foydalanish sohasida hamkorlikni tashkil etish va kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlar ham ta’kidlangan.
Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurishi haqida yozgandi.