Joriy yilning yozida rossiyaliklar xorijdan 2021-yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘p avtomobil import qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Avtomobillarning ko‘p qismi Germaniya va Yaponiyadan olib kelingan.
“Rossiya avtomobil bozoridagi taqchillik oxirgi marta 90-yillarning boshida kuzatilgandi, Yevropadan eski mashinalar ta’minoti o‘rnatilishi bilan bu segment o‘sa boshlaydi”, — dedi “Vector Market Research” agentligi bosh direktori Dmitriy Chumakov.
Bu qanday sodir bo‘ldi
Bunday taqchillik avtomobil ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorini tark etgach yuzaga kela boshladi.
“3−4 yil xizmat qilgan avtomobillar importi hajmi qanchalik ko‘p bo‘lmasin aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirolmaydi”, deb hisoblaydi “Favorit Motors” kompaniyalar guruhi prezidenti Vladimir Popov.
Unga ko‘ra, eng muhimi, bu mashinalar Germaniya bozorida ham, boshqa joylarda ham yetarli miqdorda mavjud emas.
Shuning uchun avtomobillar qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va O‘zbekistondan olib kelinadi.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat avtomobil bozoriga har yili 1,2−1,5 mln avtomobil kerak bo‘ladi. 850−900 ming oralig‘idagi avtomobil kamlik qiladi.
Popovning tahminlariga ko‘ra, xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning Rossiyadan chiqib ketishi tufayli 2023-yilda Xitoy avtomobillari bozorga kirib kelishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Motorinvest” kompaniyasi elektromobil yig‘ishni boshlagani haqida yozgandi.