Germaniyalik mutaxassislar o‘zbekistonliklarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish holati hamda mijozlarning banklarga bo‘lgan ishonchi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqot “German Sparkassenstiftung” xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma kassalari fondi tomonidan o‘tkazildi.

Unda aholining moliyaviy munosabatlarga bo‘lgan umumiy fikri, banklar faoliyati, mijozlarning banklarga ishonchi va bank xizmatlaridan qoniqish darajasi o‘rganildi.

Shuningdek, tadqiqot aholining moliyaviy savodxonligi ko‘rsatkichlarini o‘zida aks ettiruvchi ma’lumotlarni qamrab olgan.

Unga ko‘ra, ishtirokchilarning 98%i moliyaviy xizmatlardan foydalanishini bildirdi.

76% respondent o‘zlarining moliyaviy savodxonlik darajasini o‘rtacha deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, 83% respondentlar banklarning faoliyati 2016-yilga nisbatan yaxshilanganligini, 61% respondentlar esa so‘nggi 2 yilda O‘zbekistondagi banklarga bo‘lgan ishonch oshganligini ta’kidladi.

Kredit bo‘yicha barcha xarajatlarning oshkor etilishi hamda yuzaga kelgan kredit qarzdorligi to‘g‘risida birinchi navbatda ogohlantirish bankka bo‘lgan ishonchning oshishiga xizmat qilishini qayd etgan respondentlar 86%ni tashkil etdi.

“O‘rganish natijalari mijozlarning bank xizmatlaridan qoniqish darajasini oshirish yuzasidan bank tizimi va banklar faoliyatida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda”, qayd etdi regulyator.

Jamg‘arma haqida

German Sparkassenstiftung” Jamg‘arma kassalari fondi 1992-yilda tashkil etilgan.

U Germaniya davlat jamg‘armasi bo‘lib, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda rivojlanayotgan mamlakatlardagi moliyaviy institutlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Jamg‘arma dunyoning 64 mamlakatida faoliyat yuritadi. O‘zbekistondagi faoliyati 2003-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan.

Shu kunga qadar fond tomonidan 100 dan ortiq davlatda 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.


Avvalroq O‘zbekiston banklari call-markazining mijozlarga xizmat ko‘rsatish reytinggi e’lon qilingandi.