Joriy yilda xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 1 trln so‘m ajratiladi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mablag‘lar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladi.
Joriy yilda dastur doirasida mablag‘larning jami 4 trln so‘m qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yo‘naltirilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlarining $300 mln miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishi belgilangan.
Shuningdek, xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga mahalliy va jahon logistika kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.
O‘zbekistonda 17 mingdan ziyod tadbirkor ayol faoliyat yuritadi, joriy yilda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xotin-qizlar soni 79 mingdan oshdi.
Xotin-qizlarga ajratilgan imtiyozli kreditlar soni 548 166 ta bo‘lib, 57 427 nafar xotin-qizga davlat budjetidan subsidiyalar berilgan.
Avvalroq magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangandi. Buning uchun arizalar 15-sentabrgacha qabul qilinadi.