Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilishi haqida ta’kidlagandi.
30-avgust kuni bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi va unga muvofiq jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari belgilandi.
Xususan, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bildirilgan taklif va tashabbuslarning vazirlik va idoralar tomonidan samarali va o‘z vaqtida ijro qilinishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash vazifasi belgilandi.
Tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring va tahlil qilish hamda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish joriy etiladi.
Bu jarayonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlariga taqdim etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ularga yetkazish, huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘mak beriladi.
Jamoatchilik kengashi tarkibida “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov, “Texnopark” direktori Sarvar Axadov, “Murad Buildings” ta’sischisi Murod Nazarov, “Uztex Group” direktori Fazliddin Sirojiddinov kabi tadbirkorlar bor.
Avvalroq “Spot” prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvidan muhim masalalarni bir joyga jamlagandi.