Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekistonda birinchi avtomatik chegara nazorati tizimi — “E-gates” ishga tushirildi.
Tizim Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari buyurtmasi asosida “Metall Center” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
“E-gates” dasturiy-apparat tizimi chegara zonasidan o‘tayotgan yo‘lovchilar oqimini xavfsiz va uzluksiz nazorat qilish imkonini beradi.
Biometrik texnologiyalarga asoslangan tizim shaxsni avtomatik identifikatsiyalashni ta’minlaydi.
Bu esa, o‘z o‘rnida chegarani nazorat xodimlarining minimal ishtiroki bilan tez va xavfsiz kesib o‘tish imkonini beradi.
“Aviatsiya faoliyatida xavfsizlik va qulaylik eng muhim tamoyillar bo‘lib, bunday loyiha ushbu talablarga maksimal darajada javob beradi”, — dedi “Air Marakanda” bosh direktori G‘ayrat Ne’matov.
“Air Marakanda” kopaniyasi 2020-yilda tashkil etilgan bo‘lib, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida Samarqand xalqaro aeroportida havo kemalari, yo‘lovchilar va ularning yuklariga xizmat ko‘rsatishni boshqaradi.
Avvalroq “Spot” 12-sentabrdan 20-sentabrgacha rejalashtirilgan reyslar Samarqand xalqaro aeroportining texnik sabablariga koʻra bekor qilingani haqida yozgandi.