Joriy yilning 12-sentabridan Moskva birjasining valyuta bozorida o‘zbek so‘mi — Rossiya rubli valyuta juftligi bo‘yicha savdolar boshlanadi. Bu haqda Moskva birjasining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi valyuta juftligi bozorning professional ishtirokchilari, ularning mijozlari — jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining savdo imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shuningdek, har ikki davlat xo‘jalik yurituvchi subyektlari uchun milliy valyutalarda hisob-kitoblarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi ta’kidlangan.
“O‘zbek so‘mi — Rossiya rubli” valyuta juftligidagi savdolar “bugun” va “ertaga” hisob-kitoblari bilan spot bozorda sotiladi.
Bir kecha-kunduzda svop operatsiyalari savdo ishtirokchilari va ularning mijozlari uchun mavjud bo‘ladi.
Iyun oyi boshida Moskva birjasida oʻzbek soʻmidagi savdolar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi.
Unda Oʻzbekiston bilan bir qatorda Armaniston va Birlashgan Arab Amirliklarining milliy valyutalari ham hisobga olingandi.
“Biz ushbu valyutalarga qiziqishni koʻrmoqdamiz va ular likvidlikka ega boʻlishini tushunamiz. Bir qator texnik masalalar hal boʻlgach, biz bu juftliklarni ishga tushiramiz”, — degandi Moskva birjasining Valyuta bozori departamenti direktori Andrey Skabelin.
Skabelin, shuningdek, valyuta savdosini yoʻlga qoʻyish uchun ishtirokchilar va mijozlarning qiziqishi zarurligi hamda haqiqiy bozor shakllanishini taʼkidlagandi.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 27-iyundan boshlab Moskva birjasining valyuta bozorida oʻzbek soʻmi, arman drami va Janubiy Afrika randi boʻyicha savdolar amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.