“IT Park” AQShning Silikon vodiysida ishlaydigan o‘zbekistonlik bilan suhbatlashdi.


Darxonbek Mamataliyev Toshkentdagi Inha universitetini tamomlagan.

U hozir AQShning “Uber” kompaniyasida iOS-dasturchi sifatida faoliyat yuritadi. U 2019-yilda ko‘chib borgan.

“Green Card” yutganimdan so‘ng rezyumelarimni AQSh kompaniyalariga jo‘nata boshladim. IT sohasida ish topgach bu yerga ko‘chib o‘tdim" — deydi u.

Uning ko‘chishdan maqsadi moliyaviy hamda dasturchi sifatida texnik bilimlarni oshirish edi.

Silikon vodiysi — texnologiyalar markazi

Aytishicha, AQSh, xususan, Silikon vodiysi barcha texnologik kompaniyalarning markazi hisoblanadi.

Dunyo bo‘ylab eng yirik kompaniyalarining yarmidan ko‘pi shu yerda joylashgan.

“IT-mutaxassis uchun ko‘p narsalarni o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan tajribali murabbiyga ega bo‘lish juda muhim”.

Cho‘ntakdagi $500. Darxonbek AQShga ko‘chib o‘tgach ba’zi qiyinchiliklarga duch kelgan. Hamma pullarini chiptaga va uy-joyga sarflab, cho‘ntagida $500 qolgan.

U shu pul bilan AQShdagi hayoti va ishini boshlagan hamda tez orada maosh olishga umid qilgan.

“Yangi mamlakatga ko‘chganingizda, barchasini qayta boshlashga to‘g‘ri keladi. Yoningizda na do‘stlaringiz, na oilangiz bo‘ladi. Yangidan do‘stlar va tanishlar doirasini tuzish kerak, o‘zga madaniyat va urf-odatlarga moslashish lozim”.

AQShda boshqa sohalarga ham dasturchilar kerak

AQShda nafaqat IT-kompaniyalar, balki boshqa sohalar, masalan, sug‘urta, tibbiyot, bank va moliya sohalarida ham dasturchi-mutaxassislar kerak.

“10 mingta foydalanuvchi ishlatadigan ilovani yaratish boshqa, 100 million foydalanuvchi ishlatadigan ilovani ishlab chiqish boshqa. Ish ko‘lami va yondashuv har xil”.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda turli IT-konferensiyalar o‘tkazib kelinadi va ularda mashhur dasturchilar, dasturlash tillari, texnologiyalar mualliflarini uchratish mumkin.

AQShda noutbuk xarid qilish oson. Hozir Darxonbek “Uber Eats” ilovasini dasturlash ustida ish olib bormoqda.

“Uber Eats” turli davlatlarda faoliyat olib boradigan taom hamda do‘konlardan oziq-ovqat yetkazish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi.

“Kanada va Yevropa mamlakatlari bilan AQShda beriladigan maoshni taqqoslaganda, Amerikada u yuqoriroq ekan”.

Qolaversa, bu yerda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i, texnik uskunalarni sotib olish kabi imkoniyatlar kengroq degan fikrda u.

Aytishicha, rivojlangan mamlakatlarda noutbuk sotib olish uchun odamlar oylab pul yig‘adi. AQShda esa bu oson, shunday borib sotib olish mumkin.

O‘zbekistonlik dasturchilarning maoshi juda tez o‘smoqda

Darxonbek har qanday davlatning IT sohasi rivojlanishini moliya, infratuzilma, o‘sish va inson salohiyati mezonlariga ko‘ra baholaydi.

“Moliyaviy nuqtai nazardan, tan olaman, men hayratdaman. O‘zbekistonda dasturchilarning maoshi juda tez o‘sib bormoqda, bu qisman yirik global kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani bilan bog‘liq”.

Uning aytishicha, mutaxassislar xorij kompaniyalarida qanday ishlash mumkinligi haqida o‘ylay boshladilar.

Dasturchilarning o‘ziga xosligi shundaki, ular dunyoning istalgan nuqtasidan istalgan ishni bajarishi mumkin.

O‘zbekistonlik kadrlar xalqaro va xorijiy loyihalarni izlab, yaxshi maosh olishni o‘rgana boshladilar.

Poytaxtdan tashqarida ahvol yomon

Darxonbek Toshkentning tarmoq sifatida hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, poytaxt o‘z biznesini xavfsiz olib borish mumkin bo‘lgan kovorking maydonlariga to‘la.

Biroq, mutaxassis fikricha, poytaxt tashqarisida ahvol boshqacha.

“Men o‘zim angrenlikman. Internetning yomonligi sabab u yerda ishlash deyarli imkonsiz, kovorking haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas, ular shunchaki mavjud emas. Hududlarda ham xuddi shunday muammo bor”.

Qiziquvchi ko‘p, o‘rgatuvchi yo‘q

Darxonbekning kuzatishlariga ko‘ra, yagona muammo — O‘zbekistonda yirik mahsulotlar kam.

O‘rganmoqchi bo‘lganlar bor, lekin o‘rgatuvchi yo‘q. Ya’ni, talabaga tajriba yetishmaydi.

“Muammo shundaki, hozir dasturchilarimiz sifat jihatidan jahon darajasidagi dasturchilar bilan raqobatlasha olmaydi. Katta mahsulotlar ustida ishlay oladigan jahon miqyosidagi mutaxassislar sanoqli. Qolganlarida esa bunday bilim va tajriba yo‘q”.

Uning aytishicha, odamlarga boshqacha fikrlashni — tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berish zarur.

Qaytish qaytmaslikni — bilmayman. Darxonbek O‘zbekistonga har olti oyda kelib turadi. Bu yerda universitetlarda, konferensiyalarda nutq so‘zlaydi.

“Ammo jiddiy olib qarasa, hozir men dunyoni o‘rganyapman, ularning madaniyatini va biznesini o‘rganishni rejalashtirmoqdaman. Qaytamanmi yoki yo‘qmi, bilmayman, vaqt ko‘rsatadi”.