Avgust oyida bir qator kompaniyalar Rossiya bozorini tark etayotgani haqida ma’lum qildi.
Amerikaning “Dell” korporatsiyasi barcha xodimlarini ishdan bo‘shatib, Rossiyani tark etadi
Fevral oyining oxirida kompaniya o‘z uskunalarini Rossiya bozoriga yetkazib berishni to‘xtatdi.
“CNews” nashri 30-avgust “Dell"ning Rossiya bozoridagi so‘nggi kuni bo‘lishi haqida xabar bergandi.
Korporatsiya ketganidan keyin uning o‘rnini rus va xitoylik ishlab chiqaruvchilar egallashi kutilmoqda.
Bosch kompaniyasi Rossiyadagi zavodlari uchun xaridor izlay boshladi
Kompaniya Sankt-Peterburg yaqinidagi Strelna qishlog‘ida joylashgan ikkita zavodi uchun xaridor izlamoqda.
Bozor ishtirokchilari zavodlarning narxi 65−75 mln yevrogacha bo‘lishi mumkinligini tahmin qilishmoqda.
AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari natijasida “Bosch” zavodlari ishini to‘xtatgandi.
Mercedes-Benz ham Rossiyadagi zavodini sotayotgani haqida xabar berildi
Gap Moskva yaqinidagi Esipovoda “Mercedes-Benz Manufacturing Rus” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan zavod haqida ketmoqda.
Kelishuv yakuniy bosqichda, zavod xaridori rus dilleri bo‘ladi, ammo Mercedesda “hujjatlar bilan bog’liq muammolar” mavjud.
“Avtodom” dilleri ham zavod xaridoriga aylanishi mumkin.
Avgust yakunida Nokia ham Rossiya bozorini tark etayotganini ma’lum qildi
Aprel oyida “Nokia” kompaniyasi Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiya bozorini tark etishga qaror qilgandi.
Endi kompaniya mamlakatdagi faoliyatini 2022-yil oxirigacha tugatishi ma’lum bo‘ldi.
Kompaniya hujjatlar bilan bog‘liq masalalar tugallanmagunga qadar mamlakatdagi faoliyatini olib boradi.
H&M kompaniyasi Rossiyadagi do‘konlarini zaxiradagi tovarlarni sotish uchun ochdi
Kompaniyaning mamlakatdagi 118 ta do‘koni mavjud tovarlarni sotish uchun ishlaydi.
Ulardan 98 tasi “H&M”, 4 tasi “Cos”, 3 tasi “Other Stories”, 2 tasi “Weekday”, 11 tasi “Monki” do‘konlaridir.
Kompaniya 2-mart kuni Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgandi.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorini tark etayotgan bir paytda “IKEA” Rossiyadagi biznesini sotmaydi
Kompaniya ikki yil ichida mamlakat bozoriga qaytib, do‘konlarini ochishni rejalashtirmoqda.
Ungacha esa omborlar va do‘konlar yopiq holda qoladi. Zavodlar sotilgan taqdirda ham “IKEA"ga kelajakda kelishilgan narxlarda mahsulot ishlab chiqarish huquqini qoldiradi.
15-avgust kuni kompaniya Rossiyada yakuniy sotuvni yakunladi va sho‘ba korxonasini tugatishga kirishgandi.