“Profi” xususiy ta’lim muassasalari (“Profi Education”, “Profi School”, “Profi University” va “New Era Kids”) tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamov Samarqand viloyatida tavallud topadi.
NDPI huzuridagi 1-sonli akademik litseyni bitirgach, ta’lim olish maqsadida Toshkent tomon yo‘l oladi.
Avval Jahon tillari, keyinchalik Yuridik universitetda o‘qiydi. Biroq oliy ma’lumotli talabaning ish topish masalasi oson kechmaydi.
Tadbirkorning biznes va ta’lim olamidagi yo‘li aynan ishsizlikdan boshlanadi.
Biznesga ilk qadam
2006-yil Jahon tillari universitetini bitirgach, ish topolmaganim sabab repetitorlik qila boshladim. Hali ham kechagidek yodimda, darslar Beruniy ko‘chasida joylashgan “Musaffo” kafesi (hozirda faoliyatini to‘xtatgan)ning ikki xonasida o‘tilardi.
Kafening egasi farzandini o‘qitganim sababli mendan ijara haqi olmagan.
O‘qituvchi yaxshi bo‘lsa joyning ahamiyati yo‘q ekan, o‘quvchilarim soni “sarafan radiosi” sababli kun sayin ko‘payib boraverdi.
Shunday kunlarning birida hanuz men bilan ishlaydigan muallimning o‘zlari ish so‘rab kelib qoldilar.
Bora-bora o‘quvchilarimiz soni 200 ga yetdi. Bizga endi ikki xona torlik qilar, yangi binoga ehtiyoj paydo bo‘lgandi. Shu sabab 2007-yil oxirida oylik ijaraga $200 to‘lab kichik o‘quv markazi ochdik.
“Profi Education” hozirga kelib xususiy maktab va bog‘chalargacha kengaydi. Mana, endi xususiy universitetda o‘tiribmiz.
Loyihalarni boshlashga hech qayerdan investitsiya jalb qilmaganman. Faqatgina o‘quvchilardan tushgan pulni reinvestitsiya qilish hisobiga ishni rivojlantirganmiz.
Kadrlar masalasi
Xodimlarni yollash. Taqdir taqozosi bilan doim yaxshi mutaxassislarga duch kelganman. Ularning o‘zlari ish izlab kelganlar.
O‘qituvchilarga doim erkinlik berganman, ya’ni ular o‘zlari xohlagan usulda dars berishardi. Hech qanday qolipga solish bo‘lmagan. Balki shu sabab aksariyat xodimlar 10−12 yildan beri ishlaydi.
Toshkentdagi “Profi University” xususiy universiteti. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Boshida jamoamiz ikki o‘qituvchidan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozir to‘rt loyihada 600 dan ortiq kishi ishlaydi.
Yaxshi kadrlarni saqlab qolish uchun ularga doim yaxshi imkoniyatlar berishga harakat qilamiz. Masalan, yaqinda xodimlarimiz uchun muhim qaror qabul qildik.
Gap shundaki, biz maktabimiz o‘qituvchilariga katta oylik berganimiz bilan ularning ko‘pchiligi bizning maktablarda farzandlarini o‘qitishni xohlashar, maoshlarining katta qismi esa maktab to‘loviga ketib qolardi. Shuning uchun ularning farzandlari uchun 20%lik chegirmani 50%ga yetkazdik.
Ish haqiga keladigan bo‘lsak, masalan, “Profi University” oliygohida o‘qituvchilar darajasiga qarab oylik maosh olishadi. Magistrlik darajasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi bir stavkada, ya’ni haftasiga 20 soat dars bersa, qo‘liga 7 mln so‘m oladi.
Bu esa o‘rtacha haftasiga to‘rt kun 5 soatdan degani, chunki darslarimiz odatdagi oliygohlarda singari 90 emas, 50 daqiqa o‘tiladi.
PhD va DSc ilmiy darajasiga ega bo‘lgan asosiy shtatdagi o‘qituvchilarning maoshlari esa soliqlardan tashqari mos ravishda 12 va 15 mln so‘m etib belgilangan.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Eng samarali marketing vositasi — “xatlar sistemasi” bo‘lgan
Ishimizni yo‘lga qo‘ygach juda ko‘p marketing vositalari — flayerlar tarqatishdan tortib bannerlargacha foydalanib ko‘rdik.
Biroq eng samaralisi — xat jo‘natish tizimi bo‘ldi. O‘sha paytlarda o‘qishga kirolmagan abituriyentlarga qayta tayyorlash taklifi bilan A4 formatda xat yuborardik.
Bunday xatlar butun O‘zbekiston bo‘ylab jo‘natilardi. Endi o‘ylab ko‘ring: uyingizga A4 formatda, chiroyli xat keldi. Siz uni albatta ochib o‘qiysiz.
Yana bir muhim tarafi, xatlar aynan o‘qishga kirolmaganlarga yuborilgan. Ular universitetlarga xujjat topshirishga kelganda ma’lumotlarini yig‘ib olib, xatlarni yuborayotganda shu ma’lumotlardan foydalanardik.
Hozirda esa turli marketing vositalaridan foydalanamiz. Bunga budjetdan har oy $20−30 ming ajratiladi.
Xususiy ta’lim raqamlarda
Ishni boshlashga qancha mablag‘ talab etiladi. Ta’lim biznesiga kirish uchun bino sotib olinadigan bo‘lsa kamida $500 ming, ijaraga olinganda esa $30 ming kerak bo‘ladi.
Xususiy ta’lim muassasalarining marjasi hammada har xil — 10 dan 50%gacha. Ideal holatda esa o‘rtacha 30% atrofida. Lekin, ba’zida -30% ga ishlashga ham to‘g‘ri kelib qoladi. Sababi, bu sohada doimiy rivojlanishingiz kerak.
Masalan, bir yil rivojlanib yaxshi foydaga chiqqach, endi shu bilan besh yil rivojlanmay tursa ham bo‘ladi degan narsa ish bermaydi. Tushgan mablag‘larni doim reinvestitsiya qilib turish kerak.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Mijozlar soni muassasalardagi potentsial joylarga bog‘liq. Agar “Profi School” haqida gapiradigan bo‘lsam, u yerda bir oylik to‘lov 4,1 mln so‘m etib belgilangan.
Maktabda har yili mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. “Profi University“da esa 3000 nafargacha talaba turli yo‘nalishlarda ta’lim oladi. To’lov miqdori esa 14−23 mln so‘mni tashkil etadi.
Qancha muddatda foydaga chiqish mumkin. Bu yerda foydadan ko‘ra missiya kattaroq ahamiyatga ega. Kelgan daromad to‘liq yana rivojlanish uchun sarflanadi. Ta’limda foyda olishdan tashqari siz katta ijtimoiy yukni ham ko‘tarib yurishingiz kerak.
Agar pul jihatdan qarasak, yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ta’lim muassasi bir-ikki yilda ham katta foyda olib kelishni boshlaydi.
O‘quv markaz sistemasidan chiqib ketdik
Hozirda bizning tasarrufimizda bittagina o‘quv markazi qolgan. Sababi, unda mijozning yashovchanlik davri qisqa — taxminan 6−12 oy bo‘ladi.
Xususiy maktabda esa unday emas. Agar bir mijozni bog‘chadan yaxshi o‘qitsak u bizning maktab va universitetimizda ham tahsil oladi. Deylik, bog‘chaga 2 yoshida kelsa va 22 yoshida universitetni bitirsa, sizda bitta 20 yillik mijoz bo‘ladi.
Faqat ta’lim biznesi emas. Bizda ta’limdan tashqari yana bitta biz yoqtiradigan, yaxshi foyda keltiradigan biznesimiz bor. Bu — ko‘chmas mulk.
Masalan, hozir biz birorta joyni sotib olib, ta’mirlashga ma’lum bir pul sarflasak, uch yildan keyin o‘sha mulk boshida sarflangan puldan uch-to‘rt baravar qimmat bo‘lib ketadi.
Bunga “Profi School” Beruniy filialimizni misol qilib keltirishim mumkin. 2019-yilda maktabimiz binosini “E-auksion"da sotib olib, ta’mirlashimizga taxminan 8 mlrd so‘m ketgandi.
Yaqinda u yerni qayta hisoblaganimizda, uning qiymati 40 mlrd so‘m atrofida bo‘ldi. O‘rtadagi farq 32 mlrd so‘m bo‘lyapti.
Biror mulkni olib, uni rivojlantirganingiz sari uning narxi oshib ketaveradi.
$1,8 millionlik xato
Juda ko‘p xato qilganman. Masalan, oxirgi xatolarimdan biri — o‘zim yoqtirmagan sohaga, ya’ni Chilonzor tumanida “Profi” mehmonxonasini ochishga pul tikkanimdir.
Bunda biz bir joyni sotib olib, uni mehmonxona qilgandik. Lekin, inson sevmagan ishiga mehr berolmas ekan.
Shu sababli, uni muvaffaqiyatli davom ettira olmadim. Bu xatoim esa menga sal kam $1,8 mln.ga tushdi.
Foto: “Yandex”
Shuningdek, sherikli biznesda umuman omadim kelmagan desam ham bo‘ladi, chunki ular bilan qilgan birorta ishim o‘xshamagan.
Shu yili “Profi Education"ning Yunusobod filialini yopdik. Aynan u yerdagi biznes sherikchilikka asoslangan edi — biznes sheriklardan joy, bizdan esa joyni yurg‘izish.
Boshida ko‘p urinishlarimga qaramay barcha narsalarni qog‘ozga tushirib yozib olishga sheriklar unashmadi, shunchaki og‘zaki kelishuv bilan ish boshlandi.
Lekin keyinchalik o‘quvchilar soni ko‘payib borgach muammolar yuzaga kelishni boshladi — ular ko‘prog‘ini xohlashdi. Men esa tushgan pulni tezroq aylanmaga qo‘shish harakatida edim, chunki joydan yaxshi daromad chiqarish mumkin edi.
Bora-bora ko‘nglim soviy boshladi va joyni topshirib chiqib ketish qaroriga keldim, lekin o‘rtada munosabat buzilib qoldi.
Bu xato menga sal kam $50 mingga tushdi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay balki o‘xshab ketar degan umidda baribir sherikli ish qilib turaman.
Xatolarimdan shuni xulosa qildimki, kimdir biznesingizga kirmoqchi yo siz bilan birga biznes boshlamoqchi bo‘lsa, u sizda yo‘q narsa bilan kirishi kerak biznesga.
Masalan, siz ham u ham pul bilan kirmoqchi bo‘lsa, sherikchilik uncha foydali bo‘lmaydi. Sizda pul, unda tajriba bo‘lsa, bu yaxshi sherikchilik bo‘ladi.
Foto: Bektosh Hatamovning shaxsiy arxividan
Davlat idoralari bilan ishlash osonlashyapti
O‘quv markaz ochadigan paytimiz 2007−2008 yillarga to‘g‘ri kelgan. U paytlar litsenziya olish juda uzoq va qiyin jarayon edi. Faoliyatim davomida juda ko‘p hokimlar bilan ishlashimga to‘g‘ri kelgan.
Taxminan 2011−2012-yillarda bir tuman hokimi kelib palon narsaga homiylik qilasan, bo‘lmasa, ishlolmaymiz deb talab qo‘ygan, noiloj qilib berganmiz.
Lekin hozir hokimlar o‘zgarishni boshlamoqda. Masalan, Navoiydagi bog‘chamizni ishga tushirganimizda Navoiy viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Qobul Tursunov har kuni kelib qurilishning ketishini o‘zi tekshirar edilar, hamma ishlar edi, soliqchi ham, prokuror ham tez-tez kelib turar edi.
Hozirgi viloyat hokimi Normat Tursunov ham shunday bo‘lib chiqdi, kunora kelib universitetning qurilishidan xabar olib turibdilar. Oldinlari men bu odamlarning oldiga kirishim uchun oylab navbat kutar edim.
Bektemirdagi universitet binosining qurilishiga ham mendan ko‘ra Bektemir tuman hokimi Tapil Mahamadziyayev ko‘proq borib turdilar. Yana o‘zimga har ikki kunda qo‘ng‘iroq qilib mendan nima xizmat deb turadilar.
Yana bir misol, yaqinda bizni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining direktor o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov tanishish uchun chaqirtirdi. Rosti aytsam, nimani gaplashamiz, qanaqa gaplashamiz degan xayollar bilan inspeksiyaga bordim, lekin kirib u kishi bilan tanishgach biroz kichikkina suhbatimiz uzoq davom etib ketdi.
O‘zi bizni nazorat qiladigan organ sizga bizdan qanday yordam kerak, faoliyatingizda hech qanday to‘siqlar yo‘qmi, nimalar qilib sizga yordam bera olamiz deb tursa, odam g‘alati bo‘lar ekan.
Rahbarlarning bunday harakatlari odamni yana ham yaxshiroq ishlashga, ta’limni yana ham sifatliroq qilishga undar ekan.
“Profi University"ning Navoiy filiali. Foto: Profi University
O‘zbekiston xususiy ta’lim bozoridagi vaziyat
Bozorda raqobat, dinamika juda kuchli. Bundan 5−6 yil oldingi vaqtni qarasak, u payt xususiy universitet yo‘q edi. Hozir kuniga yangi xususiy universitet ochilishni boshladi.
Bu raqobat kuchli ketayotganidan dalolat beradi. Shunday bo‘lsa-da, bozor hali ham to‘yinmagan. Mana, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bu yil taxminan 1,2 mln.dan ortiq abituriyent davlat universitetlariga xujjat topshirdi. Oliygohlar esa 400 ming abituriyentni qabul qila oladi.
Bu degani xususiy universitetlar uchun 800 ming kishillik bozor bor. Raqobat kuchli bo‘lishiga qaramay, agar o‘z yo‘nalishingizni topib, ishni yaxshi yo‘lga qo‘ya olsangiz, hali ham bozorda o‘z o‘rningizni topish imkoni bor.
Xususiy ta’limga bo‘lgan munosabat o‘zgaryapti va kelajakda bundan ham yaxshilanishi kerak. Negaki, bunday ta’lim davlatdan yuklamaning bir qismini o‘ziga oladi.
90-yillar boshida O‘zbekiston aholisi 20 mln, maktablar soni esa 9600 atrofida edi. Hozir esa, aholi 35 mln.dan oshdi, maktablar soni esa taxminan 10 000 ta.
Aholi deyarli ikki baravar, maktablar esa bir-necha foizga oshgan. Shu sababdan, ba’zi maktablar boshlang’ich sinflarda 40 tadan bola o‘qitishga majbur bo‘lyapti.
Xususiy ta’lim rivojlanaversa, imkoniyati borlar xususiy maktablarga o‘tishni boshlaydi va davlat maktablarida ham o‘quvchilar soni kamayadi. Natijada, ikkala turdagi maktablarda ham samaradorlik oshadi.