Prezident qarori bilan 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Mazkur tartib joriy yilning 1-noyabridan amal qiladi hamda unga quyidagilar kiritilgan:
- uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
- avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
- rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
- uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
- maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
- gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
- tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
- yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
- uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
- kulolchilik.
Joriy yilning 1-noyabridan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga quyidagilarni xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi:
- parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
- uzum ko‘chati va tok so‘risi;
- asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
- quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
- baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemi.
Mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Shuningdek, 2023-yildan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50%idan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi.
Bunda savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar nazarda tutilmagan.
2023-yildan o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);
- issiqxona;
- parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);
- quyonchilik;
- asalarichilik;
- baliqchilik;
- bog‘dorchilik;
- limonchilik;
- gulchilik.