Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning yer va suv resurslarini samarali boshqarishga $150 mln.lik kredit hamda $3 mln.lik grant ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Bu orqali O‘zbekistonning oziq-ovqat va suv xavfsizligini yaxshilashga erishish maqsad qilingan.
loyiha Orolbo‘yi mintaqasida irrigatsiya va drenaj tizimlarini yangilash va ularni boshqarishda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Shuningdek, bankning Yuqori texnologiyalar jamg‘armasi $300 ming miqdorida grant ajratadi.
“Mazkur loyiha yuqori qiymatga ega ekinlarni yetishtirish, irrigatsiya sohasini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Loyiha orqali Amudaryo va Zarafshon daryosi havzalarida suv o‘lchash tizimi yaxshilanib, sug‘orish tizimlari barpo etiladi.
Bundan tashqari, OTB suvdan foydalanish milliy strategiyasining asosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun $850 ming ajratadi.
“Bu tashabbus Suv xo‘jaligi vazirligi va mahalliy tuzilmalarga suv iste’molini yanada samarali nazorat qilishga yordam beradi. Dehqonlar va boshqa suv iste’molchilari, o‘z navbatida, hosildorlikni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi OTBning suv resurslari bo‘yicha bosh mutaxassisi Frenk Radstake.
Avvalroq “Spot” Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga 9 mln yevro ajratishi haqida yozgandi.