BAAning “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Zarafshon shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihani moliyalashtirish bitimlari imzolandi.
“Ushbu loyiha O‘zbekistonning energiya xavfsizligi va diversifikatsiya strategiyasiga ijobiy hissa qo‘shish bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, “Masdar” kompaniyasi raisi Sulton Ahmad Al-Jaber.
Loyihaga investitsiya va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar 2020-yilda imzolangandi.
Ta’kidlanishicha, stansiya yiliga 1,1 million tonna karbonat angidridni almashtirib, 500 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Loyiha $600 mln.dan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi va O‘zbekistonning 2030-yilga qadar elektr energiyasiga bo‘lgan talabining 25%ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplashi kutilmoqda.
“O‘zbekiston „Masdar“ uchun asosiy strategik investitsiyaviy yo‘nalishdir va biz mamlakatdagi kuchli loyihalar portfelini rivojlantirish va ularni amalga oshirishda davom etamiz”, — dedi “Masdar” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramohi.
Zarafshon shamol elektr stansiyasi “Masdar"ning O‘zbekistondagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, birinchisi Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi hisoblanadi, u 2021-yilda ishga tushirilgan.
“O‘zbekistonda umumiy quvvati qariyb 1 500 MVt bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshiryapmiz. Kelajakda tenderlarda faol ishtirok etib, hamkorlikdagi ishlarni kengaytiramiz. Shu bilan birga, 5 ta mavjud loyihalarni kengaytirmoqchimiz”, — dedi “Masdar” kompaniyasining Moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Nail Xannigan.
Kompaniya haqida
“Masdar” qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi hisoblanadi.
Global barqarorlik muammolarini hal qilish uchun qayta tiklanuvchi energiya, barqaror shahar rivojlanishi va toza texnologiyalarni tijoratlashtirishni ilgari suradi.
Kompaniya 40 ga yaqin mamlakatlarda, jumladan Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab mamlakatlarda faoliyat yuritadi.
Uning quvvati 2030-yilga borib 50 GVt, keyingi yillarda esa 100 GVtdan oshishi kutilmoqda.